7-fevral kuni Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot texnologiyalari maktabida IT Community of Uzbekistan tomonidan tashkillashtirilgan keng ko‘lamli ta’lim loyihasi — Roadshow-ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus Uzum, Huawei, UZCARD, EPAM kompaniyalari, shuningdek School 21, Women in Tech, OLX va Kursiv kabi hamkorlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilmoqda.
IT Community Roadshow’ning asosiy maqsadi — mamlakat bo‘ylab, yashash hududidan qat’i nazar, yoshlar uchun sifatli IT-ta’lim va texnologiyalar sohasidagi karyera imkoniyatlarini yanada qulay va ochiq qilishdir. Loyiha teng boshlang‘ich sharoitlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyoti uchun yangi avlod mutaxassislarini rivojlantirishga qaratilgan. Roadshow-ning tantanali ochilishi IT Community of Uzbekistan asoschisi va rahbari Shavkat Karimovning tabrik so‘zi bilan boshlandi. Ushbu chiqish loyiha missiyasi va ko‘lamini yoritib beruvchi videotaqdimot bilan birga olib borildi. Shuningdek, u Roadshow O‘zbekistonning barcha asosiy hududiy shaharlarida davom etishini va mamlakat bo‘ylab 30 ta shaharni qamrab olib, rekord miqdordagi ishtirokchilarni jalb etishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida taklif etilgan spikerlar ishtirokchilar uchun chiqish qildi. Jumladan, U-Enter innovatsiyalar markazi direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Ilxomjon Aliyev muvaffaqiyatli startaplarni qanday yo‘lga qo‘yish mumkinligi yoki nima sababdan ayrim startaplar belgilangan maqsadlariga erishishi, boshqalari esa faoliyatini to‘xtatishi haqida to’liq ma’lumot berdi. Shuningdek, YorYor va Karyerist_uz loyihalarining asoschisi va bosh direktori Mohinur Inomova 2026-yilda sun’iy intellekt yordamida ish topish bo‘yicha foydali lifehacklar bilan o‘rtoqlashdi. GROUP-IB kompaniyasining texnik mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha hamkori Dilafruz Xidoyatova esa auditoriyani qiziqtirgan muhim savolga javob berdi: sun’iy intellekt inson mehnatini almashtiradimi va texnologiyalar mutaxassislarning professional rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi. Spikerlar nafaqat amaliy bilimlar bilan bo‘lishdi, balki ishtirokchilarning savollariga javob berib, jonli muloqot va netvorking muhitini yaratishga hissa qo‘shdilar.
Tashkilotchilar amaliy ko‘nikmalarga alohida e’tibor qaratdilar: ishtirokchilarga LinkedIn’da professional profilni samarali rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi, savol-javob shaklidagi interaktiv sessiya hamda viktorina o‘tkazildi. Viktorina yakunlariga ko‘ra, eng faol va kreativ 15 nafar ishtirokchi qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi. Tadbirning yana bir muhim yo‘nalishi texnologiyalar sohasida gender tengligi mavzusi bo‘ldi. Women in Tech xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi direktori Anna Ambrozevich qizlarni IT sohasiga jalb etish va qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, xilma-xillik texnologik industriyaning barqaror rivojlanishidagi asosiy omillardan biri ekanini qayd etdi. Roadshow nafaqat ta’limiy tadbir, balki ilhom manbai, tajriba almashish maydoni hamda mamlakatning kelajakdagi IT yetakchilari uchun professional hamjamiyatni shakllantirishga xizmat qiluvchi platformaga aylandi.